Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Moliya bozori ishtirokchilari milliy assosiatsiyasi ishtirokida Assosiatsiya a’zosi bo‘lgan tashkilotlar xodimlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘quv kursda nobank kredit tashkilotlari xodimlari hamda ichki nazorat xizmatlari faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Kurs doirasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimining amal qilish mexanizmlari kompleks tarzda ko‘rib chiqildi. Shuningdek, milliy va sohaviy darajada risklarni baholash hamda maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash amaliyotiga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv jarayonida samarali ichki nazorat tizimini tashkil etish, sohaviy risklarni aniqlash va baholash, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organiga majburiy tarzda xabar qilinishi lozim bo‘lgan operatsiyalarni belgilash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv kursini o‘tkazish nobank kredit tashkilotlari xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga, POD/FT sohasida qonunchilik talablarini amalga oshirishda amaliy yondashuvlarni mustahkamlashga, shuningdek, moliya sektorda ichki nazorat tizimini tashkil etish bo‘yicha yagona va barqaror yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.




