“Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya Vazirligi tomonidan tasdiqlandi.
Markaziy bank boshqaruvining “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 26 iyulda 3536-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur nizom Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) islomiy moliyalashtirishga oid standartlari asosida, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba hamda milliy kontekstni hisobga olgan holda ishlab chiqildi va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Nizom bilan mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishda rioya qilinishi lozim bo‘lgan umumiy talablar o‘rnatildi.
Xususan, mikromoliya tashkilotlari islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishi uchun o‘zida islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus kengashni tashkil etishi lozimligi yoki uning faoliyatini autsorsing asosida jalb qilishi mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar bilan bir qatorda, qonunchilikka muvofiq boshqa an’anaviy xizmatlar ham ko‘rsatilsa, ushbu mikromoliya tashkilotining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobi alohida yuritilishi kerakligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mazkur nizom bilan maxsus kengash va uning a’zolariga nisbatan qo‘yiladigan talablar hamda islomiy ijara, foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (muzoraba), nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish (murobaha), sherikchilik – foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (mushoraka), oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish (salam) kabi islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar va ushbu xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan talablar belgilandi.
Hujjat bilan ushbu havola (https://assiy.naufr.uz/standards/) orqali batafsil tanishishingiz mumkin.