Новости

Mikromoliya tashkilotlari uchun islom moliyasi tamoyillariga asoslanib faoliyat yuritishga O‘zbekistonda ruxsat berilgandan so‘ng sohaga qiziqish ortdi.

Ushbu sohani rivojlantirish maqsadida 2024 yil 26 sentyabr kuni Islom moliyasi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Mezon Kengashi” kompaniyasi “Moliya bozori ishtirokchilari milliy uyushmasi” bilan hamkorlikda 30 dan ortiq mikromoliya tashkilotlari rahbar va menejerlari hamda boshqaruv xodimlari uchun Islom moliyasi asoslari hamda islom moliya mahsulotlarini joriy etish mavzusida trening tashkil qildi.

Trening davomida Markaziy bank tomonidan “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi” (AV raqam №3536) nizom mohiyati ochib berildi, undagi ayrim bandlar ishtirokchilarga tushuntirildi, islom moliyasi mahsulotlarini amaliyotda qo‘llash bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

Tadbir so‘nggida “Mezon Kengashi” kompaniyasi hamda “Moliya bozori ishtirokchilari milliy uyushmasi” (MBIMU) o‘rtasida islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni mikromoliya tashkilotlari tomonidan amaliyotga keng joriy etish va muvofiqlashtirish maqsadida memorandum imzolandi.